Yangiliklar

not found

JSST jaziramadan saqlanish boʼyicha tavsiyalarini eʼlon qildi

Tahlillarga koʼra, oʼtgan yili kuzatilgan anomal issiq harorat Yevropada 60 000 nafardan ortiq odamning hayotiga zomin boʼlgan. Bu — avval prognoz qilinganidan uch barobar koʼp koʼrsatkich. Xavotirli jihati, sayyoramizda global isish jarayoni davom etar ekan, mazkur raqamlar yildan yilga ortishi mumkin. Shu bois Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi jaziramadan saqlanish boʼyicha quyidagi tavsiyalarini eʼlon qildi. Аnomal harorat kuzatilayotgan davrda issiq oʼlkalarga sayohat qilishdan avval ob-havo prognozidan xabardor boʼlib, ehtiyot choralarini koʼrgan holda yoʼlga chiqish zarur. Jaziramada doim yoningizda salqin suv olib yurishni unutmang. Zarurat boʼlmasa, harorat yuqori soatlarda koʼchaga chiqmaslik va ogʼir jismoniy ishlar bilan shugʼullanmaslik kerak. Bunday vaziyatda transport vositalarida bolalar va hayvonlarni qoldirish toʼgʼri emas. Iloji boʼlsa, kunduzi kamida ikki-uch soat davomida salqin joyda vaqt oʼtkazgan maʼqul. Tunda xona derazalarini ochish, kunduzi oftob nurini qaytarish uchun xonalarga pardalar tutish va jarima kunlarda imkon qadar oʼzidan issiq chiqaruvchi elektr moslamalaridan kamroq foydalanish maqsadga muvofiq. Organizmning suvsizlanishiga yoʼl qoʼymaslik uchun kuniga yetarli miqdorda suyuqlik isteʼmol qilish juda muhim. Mutaxassislar, shuningdek, yengil, tabiiy matodan tikilgan va keng liboslar kiyishni, imkon qadar tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilishni, shakarli, alkogolli yoki kofeinli ichimliklardan voz kechishni tavsiya qiladi. Koʼp vaqtini yolgʼiz oʼtkazadigan yaqinlar, doʼstlar va qoʼshnilar sogʼligʼidan muntazam xabardor boʼlishni yoddan chiqarmaylik. Chunki issiq kunlarda zaif odamlar yordamga muhtoj boʼlishi mumkin. Аnomal harorat taʼsirida oʼzingiz yoki yaqinlaringizda bosh aylanishi, koʼngil aynishi, holsizlik, bosh ogʼrigʼi kabi alomatlar kuzatilsa, shifokorga uchrashing. Аgar atrofingizdagi insonlarda oftob tigʼi tufayli noodatiy belgilar, masalan, xushni yoʼqotish, talvasa, aqldan ozish kabi simptomlar yuzaga kelsa, darhol tez tibbiy yordamga murojaat qilish zarur.

  • 24 Iyul, 15:51
  • Batafsil
not found

SSV: Tibbiyot oliy oʼquv yurtlarining IELTS sertifikati bor talabalariga vazir stipendiyasini berish yoʼlga qoʼyiladi

Jahon ilm-fanida erishilayotgan yutuqlarni oʼrganish, toʼplangan tajribalarni oʼzlashtirishda chet tillarini bilish juda muhim. Shu boisdan bugun yurtimiz oliy oʼquv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar oldiga xorij tillarini mukammal bilish talabi qoʼyilmoqda. Аyni paytda mamlakatimizdagi mavjud 11 ta tibbiyot oliy taʼlim muassasasida tahsil oluvchi talabalar orasidan 7,5 va undan yuqori boʼlgan ingliz tili IELTS sertifikatiga hamda nemis va frantsuz tilini bilish darajasini belgilovchi S1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega boʼlgan talabalar koʼp. Tabiiyki, ularda dunyoning yuqori reytingida turgan universitetlarga grantni qoʼlga kiritish imkoniyati juda katta. Shu bois Sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov tizim faollari ishtirokida oʼtgan yigʼilishda amaldagi tartibga oʼzgartirish kiritish hamda bunday iqtidorli va izlanuvchan talabalarga vazir stipendiyasini toʼlab borish tizimi joriy etilishini maʼlum qildi. — Аgar buni amaliyotga tatbiq etsak, chet tillariga qiziquvchi qolgan talabalar ham ularga ergashib, huddi shunday yuqori natijalarga erishishga intiladi, — dedi А. Inoyatov. — Buning uchun tibbiyot oliygohlari rektorlari iqtidorli talabalarga alohida eʼtibor qaratishi, har bir kafedra oʼqituvchisi ilm yoʼlini tanlagan boʼlajak yosh mutaxassislarni yaqindan qoʼllab-quvvatlashi zarur. Qayd etilishicha, mazkur yangilikni joriy qilish boʼyicha yaqinda huquqiy asoslar ishlab chiqilishi koʼzda tutilgan.

  • 24 Iyul, 09:25
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech