09:10 (31.05.2023)

1521

Tadbirkorlarning bankdagi pullarini olib qoʻyish javobgarlikka sabab boʻladi

Tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy choralarini kuchaytirishga va ularning mulkiy huquqlari daxlsizligini huquqiy jihatdan himoya qilish samaradorligini oshirish maqsadida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi hamda jinoyat kodeksiga qoʻshimcha kiritildi. 

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda oʻtkazish yoki olib qoʻyish yoxud ularni oʻz vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6 mln 600 ming soʻmdan 13 mln 200 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, quyidagi jazo choralaridan biri qoʻllanilishiga sabab boʻladi:

▫️BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;

▫️3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;

▫️300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

▫️3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;

▫️3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish. 

Oʻsha harakatlar:

➖ koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda;

➖ bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

 Oʻsha harakatlar:

➖ juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda;

➖ uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo qoʻllanilmaydi.

 Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan 3 oy oʻtgach (10-avgustdan) kuchga kiradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech