15:06 (02.05.2024)

275

Donor qoni plazmasidan dori vositalarini ishlab chiqarish tartibi belgilandi

Vazirlar Mahkamasining “Donor qonidan dori vositalarini ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyishga doir qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida” 225-son qarori qabul qilindi.

Prezidentning “2022–2026 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmogʼini jadal rivojlantirishga oid qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida” 2022 yil 21 yanvardagi PF-55-son Farmoni bilan donor qonini toʼplash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini xususiy tartibda ishlab chiqarishga taqiq bekor qilingan.

Hujjat bilan Donor qonidan dori vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish tartibi toʼgʼrisidagi nizom tasdiqlandi. Belgilanishicha, donor qonidan qon plazmasini dori moddasi (substantsiya) sifatida ajratib olish, toʼplash, uning asosida dori vositalarini ishlab chiqarish, saqlash va yetkazib berishga quyidagi talablarni bajargan yuridik shaxslar uchun ruxsat beriladi:

- tibbiy hamda farmatsevtika faoliyati uchun tegishli litsenziyalarga ega boʼlish;
- “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)”ning milliy talablariga muvofiqlik toʼgʼrisida sertifikatga ega boʼlish;
- donor qonidan qon plazmasini dori moddasi (substantsiya) sifatida plazmafarez usulida Oʼzbekistonda davlat roʼyxatidan oʼtkazilgan tibbiy texnika vositasida ajratib olish.

Qon plazmasi asosida ishlab chiqarilgan dori vositalari belgilangan tartibda davlat roʼyxatidan oʼtkazilib, har bir partiya uchun akkreditatsiyadan oʼtgan sertifikatlashtirish organi tomonidan muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilgandan soʼng ularning tibbiyot amaliyotida qoʼllanilishiga ruxsat etiladi.

Shuningdek, qon plazmasidan dori vositalarini ishlab chiqarishda sifatni taʼminlashga doir talablar alohida tarzda belgilandi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech