News

not found

Har yili 1 million nafargacha aholida virusli gepatit «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlari oʼtkaziladi

Prezidentimizning «Аyrim dolzarb virusli infektsiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʼgʼrisida»gi qarori qabul qilindi. Unga koʼra, quyidagilar aholi orasida ayrim virusli infektsiyalarni oʼz vaqtida profilaktika va diagnostika qilish, ularni davolash boʼyicha aholiga koʼrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada takomillashtirish va kengaytirishning asosiy yoʼnalishlari etib belgilandi: — virusli gepatitlarning «V» va «S» turlarini erta aniqlash uchun barcha hududlarni qamrab oluvchi skrining tekshiruvlarini oʼtkazish va kasallikni davolash qamrovini oshirish; — kasallik yuqishi xavfi yuqori boʼlgan shaxslarni, shu jumladan, qon va uning tarkibiy qismlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlarini gepatit «V» infektsiyasiga qarshi emlash bilan toʼliq qamrab olish; — skrining tekshiruvlarida virusli gepatit «S» turi aniqlangan bemorlarni davolash jarayonida dori vositalari bilan bepul taʼminlash; — sogʼliqni saqlash tizimining birlamchi boʼgʼinida virusli infektsiyalarni aniqlash uchun sarflov materiallari (reagent va test-toʼplamlari) bilan bosqichma-bosqich toʼliq taʼminlash; — barcha davolash-profilaktika muassasalari, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda nodavlat tibbiyot tashkilotlarida jigar surunkali virusli kasalliklarining yagona elektron reestrini yaratish va uni yuritish; — vaktsinalar, test-toʼplamlari va virusga qarshi dori vositalarining xavfsizligi, sifati va samaradorligi nazoratini takomillashtirish; — virusli infektsiyalar muammolari boʼyicha ilmiy tadqiqotlarni oʼtkazish, kasalliklarni nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish; — virusli infektsiyalar yuqishining oldini olish tadbirlari boʼyicha aholi oʼrtasida keng qamrovli tushuntirish, targʼibot va tashviqot ishlarini olib borish. Qarorga asosan: — 2022–2025 yillarda ayrim dolzarb virusli infektsiyalar tarqalishiga qarshi kurashish chora-tadbirlarini takomillashtirish boʼyicha dastur; — 2022–2023 yillarda epidemiologik koʼrsatmaga muvofiq, davlat sogʼliqni saqlash tizimidagi tibbiyot xodimlarini gepatit «V» infektsiyasiga qarshi emlash boʼyicha maqsadli koʼrsatkichlar tasdiqlanadi. Shuningdek, 2022 yil 1 iyuldan boshlab: — har yili respublika aholisini virusli gepatit «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlari soni 1 million nafargacha, polimeraza zanjir reaktsiyasi (PZR) tekshiruvlari soni 15 ming nafargacha, virusli gepatit «S» turi bilan kasallangan bemorlarni davolash 10,5 ming nafargacha yetkaziladi; — 2022 yil 1 sentyabrdan Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 190-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni belgilash bilan birga ularni oʼz hisobidan gepatitning «V» va «S» turlariga skrining tekshiruvlaridan oʼtkazish tartibi joriy etiladi.

  • 17 May, 12:04
  • Read more
not found

Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazi tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasining 14 apreldagi [181-son] qarori bilan Dori vositalarining klinik tadqiqotlarini rivojlantirish markazi tashkil etildi. SSV huzuridagi Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligi markaz muassisi hisoblanadi. Markaz Zangiota tumanidagi «Tashkent Pharma Park» farmatsevtika klasteri hududida joylashtiriladi. Unda qurilish, tibbiy texnika, klinik va laboratoriya jihozlari bilan taʼminlash ishlari Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligining Farmatsevtika tarmogʼini qoʼllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʼarmasi mablagʼlari, «Tashkent Pharma Park» innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish loyihasi doirasida Koreya Eksimbanki (EDCF) jamgʼarmasi kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi. Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: - dori vositalari klinik tadqiqotlarini xalqaro etik va ilmiy standartlar talablariga muvofiq tashkil etish;- respublika hududida klinik tadqiqotlarni rivojlantirish hamda klinik bazalarni jahon standartlari asosida modernizatsiya qilishni muvofiqlashtirish;- «Zarur klinik amaliyot (GCP)» talablariga muvofiq dori vositalarinining klinik tadqiqotlarini oʼtkazishni tashkil etish;- jenerik dorilarning original dorilarga farmokologik bioekvivalentligini aniqlash;- klinik tadqiqot subʼektida dori vositalarining farmakokinetik tadqiqotlarini oʼtkazish;- tibbiyot xodimlarining klinik tadqiqotlari oʼtkazish sohasida malakasini oshirish;- «Zarur klinik amaliyot (GCP)» yoʼnalishida xalqaro hamkorlikni amalga oshirish. Markaz pullik xizmatlar koʼrsatadi, qolaversa, xalqaro moliya institutlari, xorijiy tashkilotlar va donor mamlakatlar mablagʼlarini jalb qiladi.

  • 28 April, 10:14
  • Read more
not found

Spinal mushak atrofiyasi diagnoziga ega oilalarning yagona milliy registri shakllantiriladi

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining "Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʼyilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʼrsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʼgʼrisida"gi qarori eʼlon qilindi. Hujjat bilan shunday tartib oʼrnatildiki, unga muvofiq: - spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʼyilgan bemor bolalar davlat tomonidan tibbiy-ijtimoiy yordam doirasida patogenetik dorilar, tibbiy va ortopediya moslamalari hamda reabilitatsiya texnik vositalari bilan kafolatli taʼminlanadi;- spinal mushak atrofiyasi kasalligi boʼyicha xavf guruhidagi homilador ayollar Respublika «Ona va bola skrining» markazi hamda uning Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy markazlarida, shuningdek, ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qoshida tashkil etilayotgan zamonaviy molekulyar-genetik Milliy referens laboratoriyasi va uning hududiy filiallarida dastlabki hamda kelgusida uni davolash strategiyasini belgilash maqsadida bepul diagnostikadan oʼtkaziladi. Bunda, homilador ayollar yashash joyi boʼyicha koʼp tarmoqli markaziy poliklinikalar tarkibidagi «Аyollar maslahatxonasi boʼlimi» yoʼllanmalari asosida yuboriladi. 2022 yil 1 iyuldan boshlab spinal mushak atrofiyasi klinik diagnoziga ega boʼlgan oilalarning Yagona milliy registri yuritilib, oilalarning klinik va molekulyar-genetik diagnostikasidan kelib chiqib shakllantirib boriladi va Yagona milliy registr Respublika «Ona va bola skrining» markazi hamda uning Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy markazlarida oʼzaro elektron maʼlumot almashinuvi asosida yuritiladi. 2023 yil 1 iyuldan boshlab nikohlanuvchi shaxslar oʼz hisobidan Respublika aholi reproduktiv salomatlik markazi hamda uning Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy markazlariga tashrif buyurish orqali Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining laboratoriyasida molekulyar-genetik testdan oʼtkaziladi. Bunda, spinal mushak atrofiyasining gen tashuvchiligi tasdiqlangan nikohlanuvchi shaxslarning maʼlumotlari Yagona milliy registrga kiritib boriladi. Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʼyilgan bemor bolalarning patogenetik terapiyasi uchun zarur dori vositalarining xaridi Davlat byudjeti hamda Onkogematologik va davolash qiyin boʼlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʼlomlashtirishga koʼmaklashish jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan amalga oshiriladi. 2022 yil 1 maydan boshlab spinal mushak atrofiyasi kasalligi tashxisi tasdiqlangan bemor bolalar uchun: U.K. Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida respirator qoʼllab-quvvatlash talab etilmagan davolanuvchi bolalarning reabilitatsiyasi uchun mavjud oʼrinlar soni doirasida 10 ta statsionar oʼrin;Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bolalar koʼp tarmoqli tibbiyot markazlarida mulьtidistsiplinar (nevrolog, pediatr, reanimatolog, pulьmonolog, ortoped, xirurg) tekshiruv va davolash (operativ kontrakturalar va suyak deformatsiyalarini toʼgʼrilash) jarayoni tashkil etiladi.

  • 25 April, 10:44
  • Read more
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech