11:54 (13.04.2024)

416

Oʼzbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasi taqiqlanishi mumkin

“Аyrim qonun hujjatlariga tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, shu jumladan ayrim turdagi tamaki mahsulotlarining muomalasini taqiqlash va javobgarlik belgilash boʼyicha oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritish toʼgʼrisida”gi qonun loyihasi eʼlon qilindi

Tahlillarga koʼra, elektron sigaretalarni chekuvchi oʼsmirlar va yoshlar salmogʼi katta yoshdagilarga nisbatan uch barobar koʼp.

Hujjatda aytilishicha, maktablarning yuqori sinf oʼquvchilari orasida elektron sigaretalarga qiziqish tez surʼatlarda ortmoqda, xususan, 26,6 ming oʼgʼil bolalar va 8,6 ming qiz bolalar chekishga moyil;

Maktab va jamoat joylarida oʼtkazilgan reydlarda oʼquvchilardan olingan elektron sigaretalar soni yildan-yilga tobora oshib bormoqda. 2019 yilda 6 ta holat, 2020 yilda - 27 ta, 2021 yilda - 31 ta, 2022 yilda - 856 ta, 2023 yilda – 1040 ta aniqlangan.

18-29 yoshdagi aholi orasida tamakini qizdirish tizimidan foydalanish darajasi (252 ming nafar) 30-69 yoshdagi aholiga (94,2 ming nafar) nisbatan 2,5 baravardan koʼp. Аgar zarur choralar koʼrilmasa, kelgusida yosh avlodning har beshinchisi (20 foiz) nikotinga qaramlikdan aziyat chekadi.

Shu munosabat bilan:

- birinchidan, Oʼzbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasini taqiqlash;
- ikkinchidan, ushbu mahsulotlar muomalasini taqiqlash bilan bogʼliq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik belgilanishi mumkin.

Oʼzbekistonda elektron sigaretalar va tamakini qizdirish tizimlari muomalasini taqiqlash maqsadida loyihada qator jihatlar nazarda tutilmoqda.

“Аlkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʼgʼrisida”gi qonunga tamakini hamda nikotinni isteʼmol qilish moslamalari, elektron sigaretalar hamda tamakini qizdirish tizimlarini, shu jumladan ayrim turdagi tamaki mahsulotlarini mamlakatga olib kirish, Oʼzbekiston hududi orqali tranzit qilish hamda Oʼzbekiston hududida ishlab chiqarish, realizatsiya qilishni taqiqlovchi taalluqli oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritilmoqda.

Muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʼtkazish, realizatsiya qilish, shuningdek Oʼzbekiston hududiga olib kirish va Oʼzbekiston hududidan olib chiqish, shuningdek Oʼzbekiston hududi orqali tranzit qilish, shunday harakatlarni sodir etgan aybdor shaxslarni maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi normalar Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga, Jinoyat kodeksiga kiritilmoqda.

Shu bilan bogʼliq jinoyat ishlarini yuritish tartibini belgilash maqsadida Jinoyat-protsessual kodeksga mos ravishda oʼzgartish va qoʼshimchalar kiritilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech