09:12 (18.04.2024)

369

"Rinotin kids" mahsulotining ruxsatnomasi bekor qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda "Rinotin kids" mahsuloti toʼgʼrisidagi xabarlar tarqaldi. Sanepidqoʼmita xabarlarda nomi qayd etilgan "Rinotin kids" mahsuloti yuzasidan oʼrganib chiqib, quyidagilarni maʼlum qiladi:

“Rinotin kids” siropi - dori vositasi emas, balki biologik faol qoʼshimcha boʼlib, Italiya davlatida ishlab chiqariladi. Ushbu mahsulotni Oʼzbekiston Respublikasiga olib kirish uchun “Gricar Chemical S.R.L.” kompaniyasining ishonchnomasiga binoan “CYNERGY PHARMCO” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 2022 yil 29 aprelda Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 30 apreldagi “Oʼzbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʼtish tartibi toʼgʼrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 131-sonli qaroriga muvofiq ruxsatnoma berilgan. Mazkur mahsulotga Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 318-sonli qaroriga binoan belgilangan tartibda xavfsizligini tasdiqlovchi Sanitariya-epidemiologik xulosa olingan.

Sanepidqoʼmita mutaxassislari tomonidan ushbu holat yuzasidan qonun doirasida oʼrganish ishlari olib borilib, aholi orasida ovqatdan zaharlanish holatlarini kelib chiqishining oldini olish maqsadida sirop mahsulotlariga berilgan ruxsatnomalar bekor qilindi.

Shu bilan birgalikda “CYNERGY PHARMCO” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga respublika hududlaridagi barcha savdo tarmoqlari hamda dorixonalardagi “Rad Gida Laboratuvarive Ilac Sanayi Ticaret Limited” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Rinotin kids” sirop mahsulotlarini qaytarib olish topshirigʼi berilib, ijrosi nazorat ostiga olindi. Bugungi kun holatiga korxona tomonidan 28 ta dorixonalardan mahsulotlar qaytarib olindi. Mazkur holat yuzasidan profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda.

Hurmatli fuqarolar biologik qoʼshimchalarni xarid qilishdan avval ularning xavfsizligi tekshirilganligi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni Sanepidqoʼmitaning sanepid.uz saytiga joylashtirilgan elektron katalog orqali tekshirib olishingizni tavsiya qilamiz,deyiladi xabarda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech