12:05 (28.09.2023)

817

JSST oʻsmirlar oʻrtasida tamaki isteʼmolini cheklashga doir tavsiyalarini eʼlon qildi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti keyingi yillarda yoshlar oʻrtasida tamaki mahsulotlari isteʼmoli, xususan, elektron sigareta chekish ommalashib borayotganidan xavotirda.

Hisob-kitoblarga koʻra, ularning har 10 nafardan 9 nafari 18 yoshga toʻlmay turib, hatto baʼzilari 11 yoshdan chekishni boshlaydi. Voyaga yetmaganlar oʻrtasida bu illat koʻp hollarda maktab muhitida avj olayotgani achinarli.

Yana bir tashvishlanarli holat, tamaki tutuni passiv chekuvchilar, yaʼni yon-atrofdagi oʻsmirlar va bolalar hayotini ham zaharlamoqda. Xuddi shu omil yiliga 1,3 millionga yaqin kishining oʻlimiga sabab boʻlyapti.

Xususan, dunyodagi bolalarning yarmi tamaki tutuni bilan ifloslangan havodan nafas olyapti.

Vaholanki, kashandalik oldini olish mumkin boʻlgan oʻlim holatlarining birinchi sababi. Mutaxassislar XXI asrning birinchi yarmida chekish tufayli yana 450 million odam oʻlishi mumkinligini taxmin qilyapti.

Buning eng keng tarqalgan sabablari saraton, yurak xuruji, insult va surunkali obstruktiv oʻpka kasalliklaridir.

Qolaversa, sigaretning atrof-muhitga ham ziyoni katta. Ularni ishlab chiqarish va isteʼmol qilish yiliga 84 million tonna karbonat angidrid (CO2) hosil boʻlishiga olib keladi.

Shundan kelib chiqib, JSST avvalroq hukumatlarni bunday mahsulotlar realizatsiyasi va reklamasini tartibga solishga chaqirgandi‼️ Kecha tashkilot tomonidan eʼlon qilingan yangi bayonotda maktablarda tamaki isteʼmolini toʻliq taqiqlash va “nikotindan xoli muhit” yaratish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech