10:50 (01.12.2023)

800

JSST Yevropa mintaqaviy byurosi: Har uch bemordan biri antibiotiklardan shifokor retseptisiz foydalanmoqda

Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti bakteriyalarning preparatlarga chidamli turlarini dunyo aholisi salomatligi uchun oʼnta global tahdiddan biri, deb tan oldi.

Ekspertlar xulosasiga koʼra, dori-darmonlarga chidamli mikroblar har yili jahon boʼyicha 5 million insonning hayotiga zomin boʼladi. Ularning yarim milliondan ziyodi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosiga aʼzo 53 davlat hissasiga toʼgʼri kelmoqda. Bu safda Markaziy Osiyo mamlakatlari ham bor.

Аna shu joʼgʼrofiy kenglikda joylashgan 14 davlatda oʼtkazilgan tadqiqotlarning tasdiqlashicha, bu hududda yashovchi aholning uchdan bir qismi antibiotiklarni shifokor retseptisiz qabul qiladi.

Dori vositalaridan oʼzboshimchalik bilan foydalanish superbakteriyalarning jadal koʼpayishi va keng tarqalishiga imkon bermoqda. Oqibatda infektsiyalarni samarali  davolash jarayoni qiyinlashyapti.

Xavotirli jihati, bu holat zudlik bilan tartibga solmnmasa, 2050 yilga borib, dorilarga chidamli bakteriyalardan yillik oʼlim koʼrsatkichi 10 millionga yetishi mumkin. 

Gʼarbiy Bolqon, Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalaridagi 14 mamlakatni qamrab olgan tadqiqotga jalb etilgan 8221 nafar respondentning yarmi oʼtgan yili antibiotiklardan foydalanganligini tan oldi. Eng yomoni, ularning 33 foizi antibakterial vositalarni shifokor retseptisiz sotib olgan. Hatto baʼzi mamlakatlarda bu koʼrsatkich 40 foizdan yuqori.

Ishtirokchilarning 67 foizi antibiotiklardan notoʼgʼri foydalanish zararli ekanligidan xabardor. Аmmo ularning deyarli yarmi bunday dorilar viruslarga qarshi kurashda samara beradi, degan yanglish xulosada.

— Ushbu oʼrganishlar aholining bunday preparatlar haqida xabardorligini yanada oshirish qanchalar dorzarb ekanligini anglatib turibdi,  —deydi JSST eksperti Robb Batler. — Qolaversa, mintaqamizdagi barcha mamlakatlarda antibiotiklarni shifokor retseptisiz sotishni taqiqlashga doir qonun-qoidalar mavjud. Faqat ularning ijrosini qatʼiy nazoratga olish lozim.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech