Yangiliklar

not found

AstraZeneca koronavirusga qarshi vaksinaning nojoʼya taʼsirlarini tan oldi

AstraZeneca sud hujjatlarida birinchi marta COVID-19`ga qarshi vaktsinasi TTS sindromi (trombotsitopeniyali tromboz sindromi) deb ataladigan kam uchrovchi nojoʼya taʼsirga olib kelishi mumkinligini tan oldi, deb yozdi The Telegraph. Sud hujjatlariga koʼra, kompaniya jamoaviy daʼvoga duch kelmoqda. Unda aytilishicha, Oksford universiteti bilan birgalikda ishlab chiqqan vaktsina baʼzi bemorlarda nojuya taʼsirlarga va hatto oʼlimga sabab boʼlgan. “Vaktsina juda kam hollarda trombotsitopeniya sindromi (TTS) bilan trombozga olib kelishi mumkin. Buning sababi nomaʼlum”, — deyiladi materialda. Аngliya va Uels Oliy sudiga jami 51 ta shikoyat kelib tushgan, ularning mualliflari kompaniyadan 100 million funt sterlinggacha boʼlgan zararni qoplashni talab qilmoqda. Daʼvogarlarning advokatlari AstraZeneca vaktsinasi «nuqsonli» ekanini, samaradorligi «oʼta boʼrttirilgan»ini aytmoqda. Ilk daʼvogarlardan biri IT muhandisi Jeymi Skott boʼlib, u 2021 yilda vaktsina olganidan keyin qon ivishi oqibatida davolab boʼlmaydigan travmatik miya jarohati olganini daʼvo qilmoqda. AstraZeneca bu kabi holatlar va vaktsinasi oʼrtasidagi bogʼliqlik boʼyicha bahslashmoqda, lekin fevral oyida sudga taqdim etgan hujjatlaridan birida kompaniya vaktsinasi «juda kamdan-kam hollarda» TTSni keltirib chiqarishi mumkinligini tan oldi. Kompaniyaning taʼkidlashicha, «bunga sabab boʼlgan mexanizm nomaʼlum» va TTS AstraZeneca (yoki boshqa har qanday ishlab chiqaruvchining) vaktsinasi qabul qilinmagan holda ham sodir boʼlishi mumkin, shuning uchun har bir holat uchun ekspert xulosalari talab qilinadi. Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti (JSST) 2021 yil fevralь oyida AstraZeneca COVID-19 vaktsinasini tasdiqdan oʼtkazgandi. Emlash kampaniyasi boshlanganidan koʼp oʼtmay, olimlar AstraZeneca vaktsinasi va yangi kasallik — vaktsinatsiyadan kelib chiqadigan immun trombotik trombotsitopeniya (VITT) oʼrtasidagi bogʼliqlikni aniqlagan. Daʼvogarlarning advokatlari VITT TTSning bir turi ekanini taʼkidlamoqda, ammo AstraZeneca bu atamani tan olmayapti. Buyuk Britaniyaning Dori-darmonlar va sogʼliqni saqlash mahsulotlarini tartibga solish agentligining (MHRA) rasmiy maʼlumotlariga koʼra, Buyuk Britaniyada kamida 81 oʼlim trombotsitlar darajasi past boʼlgan odamlarda tromboz shakllanishiga sabab boʼlgan salbiy reaktsiya bilan bogʼliq deb taxmin qilingan. Buyuk Britaniya hukumati emlashning salbiy oqibatlari uchun kompensatsiya sxemasini joriy qilgan, biroq jabrlanuvchilarning aytishicha, 120 ming funt sterling miqdoridagi bir martalik toʼlov yetarli emas. Telegraph tomonidan olingan maʼlumotlar shuni koʼrsatadiki, Britaniya hukumati tomonidan 2024 yil fevraligacha toʼlangan 163 ta kompensatsiyaning kamida 158 tasi AstraZeneca vaktsinasi bilan emlanganlarga berilgan.

  • 1 May, 12:25
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech