11:00 (24.02.2023)

1774

Dunyoda dori vositalarining reklamasi qanday tartibga solinadi. Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya (3-qism)

Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida dori vositalarining reklamasini huquqiy tartibga solish umuman olganda, bir xil. Bu qabul qilingan Yevropa Ittifoqining Direktivasi bilan bogʼliq boʼlib, u farmatsevtika mahsulotlari reklamasini tartibga solish boʼyicha barcha talablarni tavsiflaydi. Ushbu hujjatga muvofiq, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida retsept boʼyicha dori vositalari va psixotrop preparatlarni reklama qilish taqiqlanadi.

Eng qatʼiy shartlar Belgiyada qoʼllaniladi, bu yerda nafaqat keng auditoriya, balki mutaxassislar uchun ham reklama cheklovlari mavjud, hatto tibbiyot xodimlariga ham reklama namunalarini tarqatish taqiqlanadi. Germaniyada reklama faoliyatini tartibga soluvchi qoʼshimcha “Dori vositalari reklamasi toʼgʼrisida”gi qonun mavjud. Xususan, olimlar yoki yetakchi fikr bildiruvchilarning maslahatlari boʼlgan maʼlumotlarni reklama matniga kiritish taqiqlanadi. Angliyada dori vositalarining reklamasi bir nechta hujjatlar bilan tartibga solinadi, xususan, baʼzi qoidalar “Britaniyada dori-darmonlarni reklama qilish va targʼib qilish” qoʼllanmasida boʼlib, u shuningdek, “Moviy qoʼllanma” deb ham ataladi.

Koʼpgina Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida reklamaning oʼzini oʼzi boshqarish va oʼzini oʼzi cheklash tizimlari yaxshi rivojlangan, shuning uchun nooʼrin dori reklamasini nazorat qilish va aniqlash jamoat tashkilotlari (masalan, Germaniyada INTEGRITAS (Dori vositalarini halol reklama qilish ittifoqi) tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu jamoat tashkilotlari reklama toʼgʼrisidagi qonun hujjatlarini buzgan shaxslarga nisbatan sud ishlarini qoʼzgʼatish va jamoat tanqidlari (matbuot nashrlari va boshqalarda), shuningdek, reklama materiallarini oldindan koʼrib chiqish kabi usullardan foydalanish huquqiga ega.

Reklama materiallarini oldindan nazorat qilish va koʼrib chiqish Yevropada keng tarqalgan amaliyotdir. Shunday qilib, Frantsiyada dori vositalarining har qanday reklamasi Sogʼliqni saqlash vazirligi yoki uning vakolatli organlarining ruxsatini talab qiladi; Italiya va Daniyada dori vositalarining reklamasi Sogʼliqni saqlash vazirliklari tomonidan majburiy tasdiqlanishi kerak.

Qonunni buzganlik uchun jazo choralari reklamani toʼxtatish toʼgʼrisidagi hukumat buyrugʼidan tortib, sud qarorlari bilan belgilangan jarimalar va jinoiy javobgarlik singari boshqa shakllarda boʼlishi mumkin.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech