16:06 (11.09.2023)

1798

Oʼzbekiston va АQSh dori vositalari xavfsizligi boʼyicha hamkorlik qiladi

Oʼzbekiston va АQSh oʼrtasida xavfsiz va sifatli dori vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish boʼyicha anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu muhim hujjat Toshkentda ilk bor tashkil etilgan Oʼzbekiston–АQSh sogʼliqni saqlash forumida maʼqullangan.

Oʼzbekiston sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov va АQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Devid Hoffman imzo chekkan hujjat Oʼzbekistonda sil va boshqa kasalliklarga qarshi dori vositalaridan xavfsiz va sifatli foydalanish imkoniyatini kengaytirish, farmatsevtika tarmogʼi ravnaqini qoʼllab-quvvatlashga qaratilgan.

«Memorandum ikki hukumatning barcha uchun salomatlikni yaxshilash boʼyicha umumiy maqsadlarga erishishda hamfikr ekanini yana bir karra tasdiqlaydi», – deyiladi АQSh elchixonasi xabarida.

USAID Oʼzbekistondagi milliy manfaatdor tomonlar va hamkorlar bilan dori vositalari sifatini taʼminlash tizimini barqaror mustahkamlash hamda fuqarolarning sifati kafolatlangan dori vositalari va tibbiy buyumlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash maqsadida yaqindan hamkorlik qiladi. Bu borada АQSh farmakopeyasi tomonidan amalga oshirilayotgan «Sifatli dori vositalarini targʼib qilish+» dasturi asosiy oʼrin tutadi.

Sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov va АQShning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik imzolagan kelishuvga koʼra esa, Oʼzbekiston АQSh Global sogʼliqni saqlash xavfsizligi dasturining 50 ta hamkor mamlakatidan biriga aylanadi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech