17:30 (06.05.2024)

334

Oʻzbekistonda xotin-qizlardan OTMlarda oʻqish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi

Oʻzbekistonda kamida 5 yil mehnat stajiga ega xotin-qizlardan OTMlarda oʻqish uchun tavsiyanomaga arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi xabar berdi.

Mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar davlat oliy taʼlim muassasalariga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinishi belgilangan. Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi boʻlgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tavsiyanomasiga ega boʻlishi lozim.

Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:

  • oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi (kollej, texnikum diplomiga ega boʻlishi);
  • tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi (davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalarida oʻqimayotgan boʻlishi kerak);
  • oʻrta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega boʻlishi (oʻrta maxsus diplomini qaysi mutaxassislik boʻyicha tugatgan boʻlsa, shu mutaxassislik boʻyicha kamida 5 yil ishlagan boʻlishi kerak).

Ushbu mezonlarga toʻgʻri keluvchi talabgorlar 1-iyungacha ariza bilan tuman (shahar) Oila va xotin-qizlar boʻlimlari huzuridagi Mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil mehnat stajiga ega boʻlgan xotin-qizlarga tavsiyanoma berish masalasini koʻrib chiqish boʻyicha doimiy yashash yoki vaqtincha roʻyxatda turgan joyidagi tuman (shahar) ishchi guruhlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi
  • mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan koʻchirma
  • oʻrta-maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha diplom

Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda 1—7-iyun kunlari koʻrib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qabul qilinadi.

Ishchi guruh xulosasi asosida xotin-qizlarga tavsiyanoma berishga tavsiya etish yoki uni rad etish toʻgʻrisida 7—10-iyun kunlari tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimi boshliqlari tomonidan qaror qabul qilinadi hamda uni Oila va xotin-qizlar qoʻmitasiga koʻrib chiqish uchun taqdim etiladi.

Har yili10-iyundan 14-iyungachaOila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi tomonidan taqdim etilgan qaror va unga ilova qilingan hujjatlar koʻrib chiqilib, qoʻmita raisining tavsiyanomalarni berish yoki uni rad etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi chiqariladi.

15-iyunga qadar tavsiyanomalar oʻrnatilgan tartibda oʻz egalariga yetkaziladi. Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech