11:54 (14.12.2023)

521

Oʼzbekistonda grippning А turi (H3N2) — Gonkong virusi bilan kasallanish holati qayd etildi

Bu haqda 13 dekabr kuni Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʼmitasining matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Grippning bu turi qoʼmitaning hududiy laboratoriyalari tomonidan bemorlardan olingan laborator tahlil natijalariga koʼra aniqlangan.

«Biz virusning bu shtammi bilan tanishmiz. Oʼzbekistonda grippning ushbu shtammidan kasallanganlarni himoya qilish uchun 2,2 million doza vaktsina ishlatildi. Epidemiya mavsumi boshlanishidan avval oʼqituvchilar, tibbiyot xodimlari, „Sahovat“ va „Mehribonlik uyi“ tarbiyalanuvchilari va xodimlari hamda bolalarning xavf osti guruhiga mansub qatlamini emladik», — dedi qoʼmita raisining birinchi oʼrinbosari Nurmat Otabekov.

Bundan tashqari, yil boshidan buyon Oʼzbekistonda «choʼchqa grippi» deb nomlanuvchi H1N1 virusini yuqtirishning 4 ta holati aniqlangan.

«Koʼpchilik „vaziyatni nazorat qila olmayapmiz“, „vaziyat nazoratdan chiqib ketdi“ deb oʼylaydi. Lekin biz laboratoriyalarda monitoring tekshiruvlari orqali buni kuzatib boramiz. Bizda yil boshidan beri 4 ta holatda grippning H1N1 shtammi aniqlanganiga guvoh boʼldik… Shu bilan birga, biz bemorlarning bokavirus, rinovirus, reuvirus yoki respirator sinsitial virus bilan kasallangani haqida eshitmaymiz. Lekin biz laboratoriyalarda virusning qaysi shtammi mintaqamizda aylanayotgani bilish uchun shu jihatlarni ham nazorat qilib boramiz», — dedi u.

Nurmat Otabekov soʼngi haftada respublika aholisi oʼrtasida OʼRVI bilan kasallanish oʼtgan haftaga nisbatan 25,5 foizga, Toshkent shahrida 25,4 foizga kamayganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, OʼRVI kasalligi koʼrsatkichlarida epidemik boʼsagʼadan (epidemik parog) 34,3 foizga pastligi kuzatilmoqda.

«Bolalarning oʼtkir respirator infektsiya bilan kasallanish yoshma-yosh tahlil qilinganida: kasallanishni eng yuqori koʼrsatkichi 0−1 yoshdagi bolalar oʼrtasida roʼyxatga olingan boʼlib, intensiv koʼrsatkich shu yoshdagi 100 ming bola soniga nisbatan 368.3 ni tashkil etmoqda. Bunga OʼRVI bilan kasallangan bemorlarni alohidalamaslik, bemor bolalarni taʼlim muassasalariga yuborish hamda shifokor bilan maslahatlashmasdan oʼzboshimchalik bilan davolanish asosiy sabablar boʼlmoqda», — dedi u.

Gripp va oʼtkir respirator infektsiyalar bilan ogʼrigan bemorlarni davolash maqsadida respublika boʼyicha 8838 nafar bemor oʼrinlari yaratilgan boʼlib, ularda 6000 nafar bemor davolanmoqda.

Gonkong grippi haqida

Gonkong grippidan birinchi kasallanish holati 1968 yil oʼrtalarida Gonkongda qayd etilgan. Juda tez tarqalish jihati bilan ajralib turadigan virus 4 milliongacha odamning oʼlimiga olib kelgan pandemiyaga sabab boʼlgan.

Grippning bu turi ushbu kasallik uchun xos boʼlgan klassik belgilar bilan yuzaga keladi. Ular odatdagi gripp virusi keltirib chiqaradigan xarakterli alomatlardan farq qilmaydi:

  • tanadagi ogʼriqlar;
  • umumiy zaiflik va uyquchanlik;
  • bosh ogʼrigʼi va bosh aylanishi;
  • mushak ogʼrigʼi;
  • yuqori harorat (koʼpincha 39 darajadan yuqori);
  • koʼngil aynishi va diareya;
  • ogʼriq, koʼz yoshi va ogʼriq;
  • tomoq ogʼrigʼi va quruq yoʼtal.

Gonkong grippi pnevmoniya, miokardit, entsefalit va meningit kabilarni keltirib chiqarishi, shuningdek surunkali yurak kasalliklari, astma, diabet va boshqalarni kuchaytirishi mumkin.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech