15:00 (18.09.2024)
264
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari va dunyoning yetakchi shifokorlari tadqiqot o‘tkazib, o‘nlab yillar davomida antibiotiklar ta’siriga moslashgan bakteriyalar 2050-yilga borib qariyb 40 million kishining hayotiga zomin bo‘lishi mumkin, degan xuloaga kelishdi. Keng ko‘lamli tadqiqot natijalari Britaniyaning The Lancet ilmiy jurnalida chop etildi.
Tadqiqot doirasida olimlar 204 mamlakatning 1990-yildan 2021-yilgacha bo‘lgan davrdagi ma’lumotlarini tahlil qilib, 2050-yilgacha bo‘lgan vaziyatni modellashtirishdi. Ularning prognozlariga ko‘ra, 2050-yilgacha dunyo bo‘ylab antibiotikka chidamli bakteriyadan zararlanib, har yili 1,91 million kishi jon beradi(2021-yilda 1,14 million) , 8,22 million o‘lim holati shu sabab tufayli yuzaga keladi. Taxminga ko‘ra, 2025-2050-yillari ayni muammo jami 39,1 million kishi hayotdan ko‘z yumishiga olib keladi. 169 million insonning o‘limi qisman bakteriyalarga bog‘lanishi bashorat qilinyapti.
Tadqiqot shuningdek, 1990-yildan 2022-yilgacha bo‘lgan davrda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida superbakteriyalardan o‘lim holati sezilarli darajada kamayganini ko‘rsatdi - 488 mingdan 193 minggacha. 2050-yilga kelib bu ko‘rsatkich ikki barobarga kamayishi kutilmoqda. Biroq, keksa odamlarda teskari tendensiya kuzatilmoqda: 70 yoshdan oshgan odamlar orasida superbakteriyalar keltirib chiqaradigan infeksiyalardan o‘limlar soni so‘nggi 30-yil ichida 80% ga oshgan va shifokorlarning fikriga ko‘ra, 2050-yilga kelib 146% ga oshadi.
Shu bilan birga, olimlar ta’kidlaganidek, infeksiyaning oldini olishni yaxshilash, yangi antibiotiklarni yaratish va sog‘liqni saqlash tizimiga erkin kirish orqali millionlab o‘limlarning oldini olish mumkin. Ilmiy tadqiqot rahbarlaridan biri, doktor Moxsen Nagxavi, bu "bir necha o‘n yillar davomida mavjud bo‘lgan va o‘sishda davom etayotgan" "butun dunyo uchun tahdid" ekanligini ta’kidladi.