12:00 (28.06.2024)
1072
Moʼgʼulistonning “Tavan Vogd Holdings LLC.” kompaniyasi va Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi oʼrtasida oʼzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandumdan koʼzlangan maqsad Oʼzbekistonda Yaponiyaning “Fujifilm Group” kompaniyasining sunʼiy intellektga asoslangan “NURA” tibbiy profilaktika skrining markazini ochish va bu orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilashdir.
Hujjatga asosan “Tavan Vogd Holdings LLC.” kompaniyasi Oʼzbekistonda dastlabki bosqichda 10 million АQSh dollari miqdoridagi oʼz sarmoyasi hisobiga “NURA” tibbiy profilaktika skrining markazini tashkil etadi va ishga tushiradi. Bunda 160 ta yangi ish oʼrni yaratilishi koʼzda tutilmoqda.
Sogʼliqni saqlash vazirligi esa, oʼz navbatida, “NURA” tibbiy profilaktika skrining markaziga Oʼzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq belgilangan tartibda yurtimizda tibbiy xizmat koʼrsatish hamda mamlakatimiz hududida faoliyat yuritish uchun olib kiriladigan tibbiy texnikani roʼyxatdan oʼtkazish uchun litsenziya olishda koʼmaklashadi.
Maʼlumot uchun: “Fujifilm Corporation” korporatsiyasi Yaponiyadagi bosh kompaniya boʼlib, oʼz faoliyatini Moʼgʼulistonda “NURA” brendi ostida sunʼiy intellektga hamda saraton va turmush tarzi bilan bogʼliq kasalliklarning profilaktik tibbiy skriningiga ixtisoslashgan tibbiy skrining markazlari orqali olib boradi.