News

not found

Dori vositalarining maksimal narxlarini qidirish platformasi ishga tushirildi

Oʼzbekistonda dori vositalarining sertifikat va maksimal narxlarini tekshirish platformasi — “Dorigar” ishga tushirildi. Bu haqda “Edulog CRM” ishlab chiqish kompaniyasi maʼlum qildi. Platforma maʼlumotlar bazasiga 37 mingga yaqin dori vositalari kiritilgan boʼlib, u orqali dorixonalardagi narxlarni davlat tomonidan belgilangan narxlar bilan solishtirish mumkin. Maksimal chakana narx haqidagi maʼlumotlar bilan birga, platformada dorivor mahsulotning muvofiqlik sertifikati olgan-olmaganligi haqida ham maʼlumotlar mavjud. Kerakli dori vositasini topish uchun qidiruv tizimiga dori vositasining savdo nomi yoki xalqaro nodavlat nomini kiritish kerak. Shuningdek, maʼlumotlarni oʼzbek va rus tillarida olish mumkin. Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilar, mualliflik huquqi egalari va boshqalar haqidagi maʼlumotlarni koʼrishlari mumkin boʼladi. Dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi cheklangan savdo ustamalarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Bunda ulgurji uchun — xarid narxining 15%idan, chakana savdo uchun — ulgurji narxning 20%idan koʼp boʼlmagan miqdorda belgilanadi. Agar dorixonada sotilayotgan dori vositasining belgilangan eng yuqori chakana narxidan oshirib yuborilganligi aniqlangan taqdirda, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga 1159 ishonch telefoni hamda customer.uz sayti orqali murojaat qilish mumkin. Platformaga havola orqali oʼtish mumkin. 2022-yili aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash boʼyicha prezident qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, 1-maydan jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan dorilar uchun dorixonalar tomonidan beriladigan xarid chekining fiskal belgisi Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtirilishi belgilangan.

  • 3 March, 10:30
  • Read more
not found

Raqamli markirovka. Bu tizim nima uchun kerak?

Raqamli markirovkalash — bu tovar aylanmasini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi. Raqamli belgilar qoʼllanilishi mahsulot haqidagi barcha maʼlumotlarni olish imkoniyatini beradi. Jumladan, ishlab chiqaruvchining nomi, tayyorlangan tovar yoki sotiladigan joy, sana va vaqt, yaroqlilik muddati, standart raqami kabi maʼlumotlar maxsus kod ostiga joylashtiriladi. Maʼlumotlar davlat axborot tizimida saqlanadi. Bu tizim Davlat darajasida tovarlarning raqamli markirovkasi “qora” bozorda tovar aylanmasini qisqartiradi, soliq va bojxona toʼlovlari tushumini oshiradi, nazorat qilishni tashkil etish uchun sarflanadigan xarajatlarni kamaytiradi. Qolaversa, ekspertlar fikricha, Oʼzbekiston uchun raqamli markirovkalash tizimi oʼta zarur va uni oʼz vaqtida joriy etishga kirishilgan.  KOʼHNА TАRIX VА ZАMONАVIY QR-KOD Mutaxassislarning taʼkidlashicha, eramizdan avvalgi davrda ham tovarlarni markirovkalash boʼyicha dastlabki saʼy-harakatlar boʼlgan. Xususan, arxeologik qazishmalar tufayli topilgan xumlarda mahsulot nomi, uzum navi, qaysi joyda va qachon tayyorlangani haqida qaydlar boʼlgan. 1901 yil 11 dekabrda muhandis Gulьelьmo Markoni morze alifbosi orqali boshqa qitʼaga birinchi signalni joʼnatishga muvaffaq boʼladi. Bu, oʼz navbatida, amerikalik aspirantlarni skanerga joylashtirilgan axborotni oʼquvchi shtrix-kod yaratishga ilhomlantirdi. Hozirgi paytda bu borada ikki oʼlchamli radiosignalli kodlar, masalan, QR-kod va RFID qaydlaridan keng foydalanilmoqda. QR-kod belgisi keyingi paytda hayotimizning ajralmas qismiga aylanib boryapti. Oq fonda sirli qora katakchalar tushirilgan tasvirlarni hamma joyda uchratamiz. Uni mahsulotlar, kommunal toʼlovlar yorliqlarida, jurnal va gazeta sahifalarida ham koʼrishimiz mumkin. Аslida bu belgi koʼp miqdordagi axborotlarni uzatish yoki undan foydalanishni soddalashtirishda qoʼl kelmoqda. Shu bois, butun dunyoda elektron toʼlovlarni amalga oshirishda mazkur texnologiya beminnat dastyorga aylangan. — Raqamli markirovkalash tizimi Yevropa Ittifoqi davlatlari, Braziliya, Аrgentina, Kanada, Filippin, Rossiya va Qozogʼistonda faol qoʼllanilmoqda, — deydi “CRPT Turon” MChJning operatsiya jarayonlari boʼyicha direktori Oleg Kuzmin. — Masalan, Frantsiya Yevropaning dori-darmonni markirovkalagan birinchi mamlakati sanaladi. Bu jarayon joriy etilganidan bir yil oʼtib, davlat byudjetiga daromadlar 1,7 milliard dollar oshgan, oʼz navbatida, bu qoʼshni mamlakatlarda ham dori-darmonni markirovka qilish uchun jiddiy turtki berdi.  Rossiyada birinchilardan boʼlib moʼynali palьtolar markirovka qilingan. Bir qarashda ularni markirovkalashga hojat yoʼqqa oʼxshaydi, bu turdagi kiyim koʼp xarid qilinmaydi va qalbakilashtirish darajasi ham nihoyatda past, deb oʼylash mumkin. Markirovkalash joriy etilgach, moʼynali palьtolarning rasmiy savdosi 10 barobar oshdi. Shuningdek, tamaki mahsulotlari markirovka qilinganidan soʼng yoʼq joydan ilgari mahsulot ishlab chiqarish va soliqsiz sotish bilan shugʼullanib kelgan 18 ta zavod paydo boʼldi. Ular oʼz faoliyatini qonuniylashtirishga majbur boʼldi. Xitoyda esa majburiy markirovkalash boʼyicha qatʼiy qoidalar yoʼq: bu masala bilan davlat emas, balki oʼz mahsulotlarini qalbakilashtirishdan himoya qilish istagidagi tadbirkorlik subʼektlarining oʼzi shugʼullanadi. DORI VOSITАLАRI Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 apreldagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda dori va tibbiy mahsulotlarni  raqamli markirovkalash tizimi 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2022 yilning 1 sentyabridan birinchi guruhga mansub ikkilamchi (tashqi) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori (orfan dori vositalari bundan mustasno) vositalari, 2022 yilning 1 noyabridan ikkinchi guruhga mansub birlamchi (ichki) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori (agar ikkilamchi (tashqi) oʼram mavjud boʼlmasa) va dorivor angro mahsulotlar (orfan dori vositalari bundan mustasno)ni markirovkalash boshlangan.   2023 yilning 1 martidan eʼtiboran orfan (kam uchraydigan kasalliklarga tashxis qoʼyish va ularni davolash uchun moʼljallangan dori vositalari) markirovkasi boshlandi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu turdagi dorilar koʼproq qalbakilashtiriladi va ularning aslligini taʼminlash juda muhim. Shu sababli bu toifadagi vositalar alohida guruhga kiritilgan. 2025 yil 1 fevraldan boshlab,  toʼrtinchi guruh — belgilangan tartibda tasdiqlangan roʼyxatga kiritilgan tibbiy buyumlar markirovkalanadi. Bunda tibbiy buyumlar roʼyxati Davlat soliq qoʼmitasi va Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur mahsulotlarni raqamli markirovkalash yuzasidan oʼtkazilgan tajriba loyihasi natijalariga asosan tasdiqlanadi.

  • 3 March, 09:12
  • Read more
not found

Tibbiyot xodimining kasbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

Bugun Senatning oʼttiz yettinchi yalpi majlisida “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga qoʼshimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi. Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda taʼsir oʼtkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Bunda ushbu noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan oʼn baravarigacha miqdorda jarima solish yoki oʼn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olish jazosi kiritilmoqda. Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 197-7-moddasida tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga toʼsqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda taʼsir oʼtkazganlik haqidagi ishlarni koʼrib chiqish belgilanmoqda. Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 305-moddasiga muvofiq mazkur toifadagi ishlarni koʼrib chiqish muddati uch sutkani tashkil etishi qayd etilmoqda. Qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilib, ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini oladi. Shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga oʼz vaqtida va sifatli tibbiy yordam koʼrsatilishiga xizmat qiladi.

  • 2 March, 15:55
  • Read more
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech